Breaking News

Barak Obama: Amerika bugun har doimgidan ham qudratli


Obama xalqqa hisobot berdi, 2015
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00

Kongress Obamaga quloq tutarmikan?

Barak Obama: Amerika bugun har qachongidan ham qudratli. Har tomonlama kuchga to'lib borayapmiz. Tinchliksevar, erkin va imkoniyatlarga to'la diyor bo'lib qolamiz. Jahon bo'ylab ham shuni targ'ib qilamiz. O'zboshimchalik yo'lidan bormaymiz. Xalqaro muammolarga xalqaro yechim izlaymiz. Hozirgi strategiya shundan iborat.

AQSh prezidenti 20-yanvar kuni kechqurun Kongress oldida so'zlab, mamlakatning bugungi ahvoli haqida xalqqa hisobot berdi.

Obama Kongressga: AQSh bugun har doimgidan ham qudratli - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:52 0:00

"Yangi asrga qadam tashlaganimizga 15 yil bo'ldi. Yurtimizni terror qaqshatganiga, yangi avlod ikki uzoq va qimmat urushlarga kirganiga, bizning iqtisodimizda va jahon bo'ylab moliyaviy tushkunlik boshlanganiga 15 yil bo'ldi. Ko'pchilik uchun juda og'ir davr bo'ldi".

Lekin bugun yangi sahifa ochildi, deydi prezident.

“Iqtisodimiz o'smoqda. Byudjetda kamomad ozaymoqda. Mahalliy energetik ishlab chiqarish kengaygan. Inqirozdan chiqib oldik. Yurtimiz bugun har doimgidan ham baquvvat. Dunyodagi eng qudratli davlat. Kelasi 15 yil va undan keyingi davr qanday bo'lishini belgilash o'z qo'limizda".

Amerika iqtisodiyoti faqat boylar manfaatini ko'zlaydimi yoki har bir inson farovon yashash imkoniyatiga ega bo'ladimi?

“Qaror aniq. O'rta sinf ko'tarilsa, hamma foyda ko'radi. Imkoniyat yaratish kerak, chunki buning samarasini bilamiz. Islohotlar davom etishi kerak. Safsatabozlikni bas qilib, xalq dardi haqida o'ylashimiz kerak",- deydi prezident.

“Har safar iqtisodiy yutuqqa erishganimizda, mamlakat hayotida yangi sahifa ochilgan - har bir amerikalik uchun imkoniyat maydoni kengaygan. Jamiyat sifatida jasur qadamlar tashlaganmiz. Ijtimoiy himoyani oshirganmiz. Mavjud dasturlarni saqlab qolganmiz. Ta'lim, infrastruktura va texnologiya sohasida buyuk o'zgarishlar qilganmiz".

Obama fikricha adolatli iqtisod bu har bir fuqaro uchun birdek imkoniyat yaratishdir. Qonun va islohotlar hamma uchun bir, deydi prezident.

Obama nazarida irqiy tengsizlik Amerika uchun hamon og'riqli masala. Jamiyatda tenglik hukmron bo'lishi uchun hali kattadan-katta to'siqlarni yengib o'tish kerak. Lekin bugun AQShni qora tanli inson boshqarayotgani bu xalq tenglik nima ekanini qadrlashidan darak. Bu xalq mehr va sadoqat nima ekanini biladi, deydi prezident.

Tashqi siyosatda AQSh hamkor davlatlar bilan kelishgan holda harakat qiladi. O'zboshimchilik qilmaydi, sheriklarga tayanadi, deydi Obama.

Amerika global lider ekani aniq, lekin bu ishni qanday bajaradi? Mana shu savol ustida ko'proq o'ylanish va shoshmay, uzoqni ko'zlab siyosat yuritish kerak.

“Amerika jahonda yetakchilikni boy bermasligi uchun harbiy kuch va diplomatiyadan birdek foydalanishi kerak. Xalqaro koalitsiya tuzgan holda chora ko'rishimiz kerak. Biz shu yo'ldan borayapmiz".

"Iroq va Suriyada Amerika yetakchiligida olib borilgan harakatlar "Islomiy davlat" ni yo'q qilishga bel bog'lagan. Yana bir urush boshlamay, yirik ittifoq tuzib, jumladan arab davlatlarini jalb etgan holda, terroristlarni qaqshatayapmiz".

Obama deydiki, Amerika Suriyadagi mo'tadil kuchlarga yordamni oshirmoqda. "Islomiy davlat" badnom bo'lmaguncha nishonda, deydi u, dunyo bu maqsad atrofida birlashgan. Kongress bu tizimga qarshi harbiy kuch ishlatishga ruxsat berishi kerak.

Afg'oniston o'z kelajagi va taqdirini o'z qo'liga olib mustaqil harakat qila boshladi, deydi Obama, Amerika har jihatdan yordam berib boradi.

Qo'shma Shtatlar Ukraina suvereniteti va demokratik maqsadlarini quvvatlaydi. Vashington Rossiya agressiyasiga qarshi tegishli javob berishda davom etadi. Vladimir Putinni aqlli rahbar deb maqtaganlar Rossiyaning bugungi nochor ahvolini ko'rsin, deydi Obama.

AQSh yarim asrlik ga'nimlikni chetga surib, Kuba bilan aloqalarni tiklaydi. Zamon talabi shu, deydi prezident, bu xalq bilan dushmanlik yaramaydi. Bu mamlakat o'zgarishlar yoqasida, deydi u.

Eron bilan uning yadroviy maqsadlari ustida muzokaralar davom etadi. Murosa yo'llari hamon ochiq va harakat to'xtamaydi, deydi prezident. Kongress Eronga qarshi yangi sanksiyalar haqida o'ylamasligi kerak.

Guantanamodagi mash'um qamoqxonani yopish vaqti keldi, unga boshqa hojat yo'q, deydi Obama. Kongress bu ishni paysal qilmay, Oq uy qarorini ma'qullashi kerak, deya undadi prezident.

Amerika rahbari kiber-xavfsizlik xususida ham to'xtaldi.

“Biror davlat yoki xaker bizning kompyuter tizimlarimizga hujum qila olmasligi kerak. Savdo sirlarimizni, shaxsiy ma'lumotlarimizni o'g'irlamasligi kerak. Davlatimiz kiber-xavfsizlik deganda har bir amerikalik xavfsizligini tushunadi va buni ta'minlash asosiy burchlarimizdan biri. Xuddi terrorizmga qarshi kurashgandek, kiber-tahdidlarga nisbatan ham keskin choralar ko'ramiz."

Obama Kongressni buning uchun zarur qonunlar qabul qilishga chaqirdi. Texnologiyadan foydalanish odamlar uchun xavf tug'dirmasligi kerak, balki imkoniyatlar sari yetaklashi lozim, deydi prezident.

Gomoseksual odamlarni tan olish, ularning huquqlarini himoya qilish hamda global iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash haqida ham gapirdi. Insoniyat ko'zi oldidagi haqiqatni tan olib yashashni o'rganishi kerak, deydi u.

Kongressning har ikki palatasida respublikachilar hukmron ekan, demokrat prezident ularni hamkorlikka chaqirdi. Partiyabozlik va nayranglar faqat zarar keltiradi, birga ishlabgina xalqdan rahmat olish mumkin, deydi Obama.

Prezidentni tinglagan respublikachilar deydiki, Oq uy murosaga shay ekanini amalda isbotlashi, ularning g'oyalarini inobatga olishi, ichki va tashqi siyosatda katta o'zgarishlar qilishi shart.

Prezident Barak Obamaning yillik murojaatini tinglagan respublikachilar deydiki, Oq uy murosaga shay ekanini amalda isbotlashi, ularning g'oyalarini inobatga olishi, ichki va tashqi siyosatda katta o'zgarishlar qilishi shart.

Obama o’z nutqida olg’a surgan bir qator takliflar Kongressda ovozdan o’tmasligi hozirdan ma’lum. Senator Joni Ernst Respublikachilar partiyasi nomidan bergan javobida prezidentni jiddiy yechimlar bilan chiqmayotganlikda tanqid qildi.

“Xalqqa yangi g’oyalar kerak, lekin shu paytgacha buni ko’rmadik. Jiddiy yechimlar qani deb so’raganimizda, gapdan nariga o’tilmadi. Yangi respublikachi Kongress ishga qaytdi, sizni tinglashga tayyormiz”, - deydi senator.

Badavlat amerikaliklar uchun soliqlarni oshirish rejasini respublikachilar rad etishi turgan gap.

“Obama olti yil prezidentlik qildi, ahvol yaxshilangani yo’q. Odamlar qattiq mehnat qilsa ham yetarlicha pul topa olmayapti”, - deydi yangi saylangan senator Kori Gardner.

Respublikachilar boylarni ko’pincha “ish o’rni yaratuvchilar” deb ta’riflaydi. Ularning solig’ini oshirmaslik uchun barcha chorani ko’rishimiz kerak, deydi qonunchi.

Prezident Obama fikricha, agar Eronga yangi sanksiyalar qo’yilsa, yadro dasturi bo’yicha ketayotgan xalqaro muzokaralardan umidni uzsa ham bo’ladi.

Respublikachilar nazarida esa Qo’shma Shtatlar vaqt o’tgan sari islomiy respublikaga tobora ko’proq yon berayapti, unga qattiq talablar qo’ymayapti.

Eliot Engel kabi ayrim demokratlar ham Eronga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish tarafdori.

“Eronni muzokara stoliga yetaklagan aynan sanksiyalar edi. Natijaga erishishning yagona yo’li shu. Sanksiyalarni kuchaytirsak, bu davlat murosaga moyil bo’ladi”, - deydi Engel.

Terrorizmga qarshi kurashda prezidentni sustkashlikda ayblayotganlar bor. Demokrat kongressmen Deyvid Skott:

“Islomiy radikalizmga qarshi agressiv harakatlar olib bormasak bo’lmaydi. Bizni xalqaro maydonda yetakchi deb ko’rishmayapti”.

Bu Barak Obamaning respublikachilar hukmron Kongressga ilk murojaati. Muxolifat u amalga oshirgan tibbiy, moliyaviy va immigratsion islohotlarni bekor qilishga bel bog’lagan. Shu maqsad bitilgan hujjatlarga qo’l qo’ymayman, deya ogohlantirdi Obama. So’nggi payt uning xalq orasida reytingi qariyb 50 foizga yetgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG